Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari boshlandi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

Joriy yilning 8-dekabr kuni soat 12:00dan boshlab Toshkent xalqaro aeroportidagi yo‘l o‘tkazgichga (estakada) chiqish cheklanadi.

Avtotransport vositalari va turistik avtobuslarning kirishi uchun xalqaro terminal avtoturargohi yonida alohida yo‘lovchi tushirish yo‘lagi tashkil etiladi.

Shuningdek, terminalda rekonstruksiya ishlari olib borilishi sabab aeroportning uchib ketish zaliga kuzatuvchilarning kirishi vaqtincha cheklanadi.

Joriy yilning 1-noyabridan Toshkent xalqaro aeroporti estakadasida kameralar avtomatik tarzda jarima solishni boshladi.

Xususan, to‘xtash vaqtidan oshib ketganda (to‘xtab turish taqiqlanadi) va sariq chiziqda to‘xtab turish uchun haydovchilarga jarimalar avtomatik tarzda belgilanadi.

Yo‘l o‘tkazgichning o‘ng va chap qismlarini ajratib turuvchi sariq chiziqda ham to‘xtash taqiqlanadi.

Noyabr oyi boshida Toshkent xalqaro aeroportida kutib oluvchilar uchun kutish maydoni ochildi.