Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyani ma’qulladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.

Operatsiya doirasida hukumatga ijtimoiy, iqtisodiy va iqlim o‘zgarishi sohalaridagi ishlarning yangi bosqichini amalga oshirishga moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan maqsad mamlakatning bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini tezlashtirish, fuqarolarga teng iqtisodiy imkoniyatlarni ta’minlash va milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga zamin yaratishdan iborat.

O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini tezroq yakunlash chora-tadbirlari mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi maqsadlarga erishishga yordam berishi qayd etilgan.

“Jahon bankining yangi operatsiyasi hukumat kun tartibidagi asosiy ustuvor vazifalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l, kimyo sanoati va energetika kabi muhim tarmoqlarda davlat nazoratini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chora-tadbirlar xususiy sektorning yuqoridagi tarmoqlarini rivojlantirishda faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadi. Operatsiya aholining ayrim qatlamlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga hamda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolarga yechim topishga yordam beradi.

Operatsiya doirasida Jahon banki hukumatga $800 mln miqdorida moliyaviy yordam beradi. Mablag‘lar maxsus imtiyozli shartlar asosida, kreditlar shaklida ajratiladi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya bozorlarida hozirgi kunda mavjud bo‘lgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkasida va uzoqroq muddatga taqdim etiladi. Natijada O‘zbekiston uchun kredit mablag‘larini to‘lash xarajatlari sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, bu mamlakatga muhim moliyaviy resurslarni tejash imkonini berib, bu mablag‘lardan ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirish uchun foydalanish mumkin.

Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy resurslar iqtisodiyotning quyidagi tarmoqlarida islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan:

  • Energetika: energetika bozorining mustaqil regulyatorini yaratish va energiya tariflarini isloh qilish. Tarmoq faoliyatini yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatni rag‘batlantirish va xususiy sektor ishtirokini ta’minlashdan iborat.
  • Temir yo‘l sohasi: yo‘lovchi va yuk tashish narxlarini shakllantirish tizimini modernizatsiya qilish, raqobatni rag‘batlantirish va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida temir yo‘l sohasini isloh qilish.
  • Kimyo sanoati: institutsional islohotlarni amalga oshirish uchun zamin yaratish va “Farg‘onaazot"ni xususiylashtirish. Sanoatni liberallashtirish, uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb etish, kimyo sanoatida samaradorlik va raqobatni oshirish belgilangan.
  • Qishloq xo‘jaligi: hosildorlikni oshirish va ekinlarni diversifikatsiya qilish uchun ularni ekish tartibini liberallashtirish hamda fermerlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishda yordam berish.
  • Davlatning fiskal majburiyatlarini boshqarish: O‘zbekiston Iqtisodiyot va Moliya vazirligining DXSh loyihalaridan kelib chiqadigan fiskal majburiyatlarni boshqarish va tartibga solish sohasidagi salohiyatini rivojlantirish.
  • Ijtimoiy himoya: aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish, ularning sifatini oshirish maqsadida Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil etish.
  • Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish: oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish va ayollarni jismoniy, jinsiy, iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
  • Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul yuridik yordam ko‘rsatish: Adliya tizimidan teng foydalanishni ta’minlash maqsadida ma’muriy, fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha kam ta’minlanganlarga davlat tomonidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish.
  • Iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish: keng ko‘lamli iqlim va ekologik davlat dasturlarini ishlab chiqish, Ekologiya vazirligining salohiyati va vakolatlarini kuchaytirish hamda havo sifatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
  • “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish: milliy “yashil” taksonomiyani ishlab chiqish. Bunda iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning iqtisodiyot uchun oqibatlarini yumshatish maqsadida zarur choralarni ko‘rish, atmosferaga chiqindilarning oldini olish mexanizmlarini yaxshilash va “yashil” loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish nazarda tutilgan.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga $50 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishi ma’lum qilingandi. Mazkur mablag‘lar raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasida ish o‘rinlarini yaratish loyihalariga yo‘naltiriladi.