O‘zbekistonliklar qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga bo‘yicha Turkiyaga ishga jalb qilinadi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Istanbulda O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi sohasi bo‘yicha forum o‘tkazildi. Unda Turkiya mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi huzuridagi Bandlik agentligining Istanbul shahri direksiyasi, Istanbul tijorat palatasi hamda mamlakatning xolding va mehmonxona rahbariyatlari ishtirok etdi.

Forum doirasida Turkiya ish beruvchilari bilan qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga o‘zbekistonlik ishchilarni jalb qilish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Turk dunyosi tadbirkorlari jamiyati, Turkiyadagi o‘zbeklar jamiyati nodavlat tashkiloti, O‘zbek sanoatchilari va tadbirkorlari jamiyati bilan o‘zbekistonliklar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yaratishda hamkorlik qilish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

Avvalroq xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $1,2 mln pullari undirib berilgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, 2 474ta murojaat asosida migrantlarga jami $71 400 miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Toshkentda Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazining vakolatxonasi ochilishi mumkin. Markaz migratsiya bo‘yicha hamkorlik va sheriklik munosabatlarini yaratishda mintaqaviy yondashuvdan kelib chiqib yechimlarni yaratadi.