O‘zbekiston va Bangladesh o‘rasida havo qatnovlari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda o‘tkazilgan ICAOning “ICAN-2023” tadbiri doirasida O‘zbekiston va Bangladesh aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Unda ikki davlat o‘rasida havo qatnovlari to‘g‘risidagi bitimning yakuniy matni kelishildi. Hujjat O‘zbekiston aviakompaniyalaridan Bangladeshga parvozlarni amalga oshirishda har bir yo‘lovchi, yuk va bagajning har bir kilogrammi uchun undirib kelingan “royalti” to‘lovi bekor qilinishi nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi 1998-yildan boshlab Toshkent — Dakka yo‘nalishida aviaqatnovlarni amalga oshirib kelgan, biroq 2007-yilga kelib aviaqatnovlar vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni, BAA, Kanada va boshqa davlatlar vakillari bilan ham uchrashdi. Tomonlar aviatsiya sohasida hamkorlik qilish va O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida reyslar sonini kengaytirish borasidagi ishlarni muhokama qildi.
Avvalroq “Humo Air” xususiy aviakompaniyasi O‘zbekistonning to‘rtta shahriga parvozlarni ochgani haqida xabar berilgandi.