“Apple"ning mahsulot dizayni bo‘yicha vitse-prezidenti Tan Yu Tan 2024-yil fevralida kompaniyani tark etadi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.

Biroq uning ishdan ketish sababi ma’lum qilinmagan, kompaniya esa nashr so‘roviga javob bermadi.

“LinkedIn"dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Tan Yu Tan iPhone va Apple Watch uchun dizayn boshlig‘i hisobalanadi.

“Bloomberg"ning ta’kidlashicha, top-menejer aksessuarlar dizayni uchun ham mas’ul bo‘lgan va AirPods bilan shug‘ullanadigan akustika bo‘limi ishini nazorat qilgan.

Manbalarga ko‘ra, Tanning ketishi “Apple” uchun “zarba” bo‘lad, u iPhone, Apple Watch va AirPods bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilgan.

Tan 80 dan ortiq qurilma bilan bog‘liq patentlarda ixtirochilardan biri sifatida qayd etilgan. U kompaniyada 1999-yildan beri ishlaydi, unga tegishli birinchi patent 2000-yilda ro‘yxatga olingan.

Qayd etilishicha, kompaniyani tark etgandan so‘ng, Tanning vazifalari boshqa xodimlar o‘rtasida taqsimlanadi.

7-dekabrda “Bloomberg” sensorli ekran texnologiyalari, Touch ID va Face ID ishlab chiqilishini nazorat qiluvchi vitse-prezident Stiv Hottelingning “Apple"dan ketishi haqida xabar bergandi.


Avvalroq “Spot” “Apple"ning sobiq xodimlari “Google"ga ishga o‘tib ketayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Apple boshqa IT-kompaniyalardan nisbatan kam xodim yollaydi va unga esa ko‘plab xodimlar Intel, Microsoft, Amazon kompaniyalaridan keladi.