Pensiya va nafaqa to‘lovlarini to‘xtatib turishga onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin bo‘lib, buning uchun murojaatchi portalda ro‘yxatdan o‘tishi va shaxsiy hisobi bo‘lishi zarur.

Portalga kirgach qidiruv tizimiga “Pensiya va nafaqa berishni to‘xtatib turishga ariza berish” so‘zlari kiritilsa, kerakli xizmat ochiladi.

Ushbu xizmat quyidagi hollarda kerak bo‘lishi mumkin:

  • pensiya yoki nafaqa vaqtinchalik kerak bo‘lmasa va ularni olishni ma’lum muddatga to‘xtatib turish zarurati yuzaga kelganida;
  • fuqaro mamlakat tashqarisida bo‘lgani uchun ma’lum vaqt davomida pensiya yoki nafaqa to‘lovlarini ololmasa;
  • to‘lovlarni vaqtinchalik to‘xtatib turishni talab qiladigan o‘zgarishlar yuz bersa.

Mazkur xizmatdan foydalanish uchun qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi hamda ariza topshirish bepul amalga oshiriladi.

Shuningdek, xizmat ariza topshirilgandan keyin avtomatik tarzda taqdim etiladi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.

Avvalroq Yagona portalda talabaga hisoblangan stipendiyalar haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratilgandi. Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun portalda shaxsiy sahifaga ega bo‘lish kerak.