Rossiyalik investorlar Qashqadaryoda tog‘ kurorti qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat hokimi Murotjon Azimov Tataristan Respublikasidagi “Kazanskiye kanatniye dorogi” bosh direktori Denis Belov va “Gordeyev” arxitektura byurosi arxitektori Mixail Gordeyevlardan iborat investorlarni qabul qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar Shahrisabz tumani, G‘elon qishlog‘i hududida geografik jihatdan qulay joylashuvga ega umumiy yer maydoni 2 ming 600 gektar bo‘lgan “Tog‘ chang‘i dam olish maskani” loyihasi amalga oshirish yuzasidan fikr almashishdi.

Qiymati $300 mlnga baholanayotgan ushbu loyiha 8,3 km uzunlikdagi 3 ta dor yo‘li, 3 va 5 yulduzli mehmonxona, ko‘p qavatli avtoturargohlar, ziplayn, rodelban va boshqa turistik infratuzilmalarni o‘z ichiga oladi.

Qayd etilishicha, qurilishi reja qilingan tog‘ kurortining birinchi bosqichi 2026-yilning dekabr oyida ishga tushiriladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya umumiy turistik tog‘ yo‘nalishini yaratishi haqida yozgandi.

Bu bo‘yicha Amirsoy, Roza Xutor va Shimbuloq tog‘ kurortlari o‘rtasida memorandum imzolandi.