Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligining viloyat va tuman bo‘limlari tugatiladi. Bu haqda Prezident raisligida o‘tkazilgan ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektorda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar hisobiga iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan xom ashyo va mahsulotlar narxi, ularni yetkazib berish xarajatlari beqarorligi ta’kidlandi.

“Mahsulotlarimiz narx jihatdan raqobatbardosh bo‘lishini istasak, eng avvalo, o‘zimizdagi xom ashyoni chuqur qayta ishlab, tayyor sifatli mahsulotlarni ko‘paytirishimiz shart va zarur”, — dedi davlat rahbari.

Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hozirgi tizimini qayta ko‘rib chiqib, hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini Savdo-sanoat palatasiga o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Bu orqali loyiha qilish va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini-o‘zi boshqaradigan tashkilotga o‘tkaziladi. “Bu tadbirkorlarning talab va istaklariga quloq solish, ular bilan yaqindan hamkorlik qilib, muammolarini hal qilish maqsadida qilinmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Investitsiya vazirligining viloyat va tuman bo‘limlari tugatiladi. Hududlarda mazkur vazifalar bilan Savdo-sanoat palatasining loyiha qiladigan va eksportga ko‘maklashadigan mutaxassislari shug‘ullanadi.

Eksport agentligi va jamg‘armasi, “O‘zbekekspertiza” tashkiloti ham Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tadi.

Ishlab chiqarish, eksport va brendlarga beriladigan grant, subsidiya va boshqa imtiyozlar palata orqali egasiga ochiq-oshkora va shaffof beriladigan tizim joriy qilinadi.