“AliExpress” “UZCARD” va “HUMO” kartalari bilan to‘lov qilishni joriy etdi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Endi barcha foydalanuvchilar “UZCARD” va “HUMO” kartalari bilan to‘lov qilish funksiyalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ta’kidlanishicha, dekabrda “AliExpress” “UZCARD” va “HUMO” to‘lov tizimlarini ulash jarayonini yakunladi.

Endi O‘zbekistonning butun aholisi buyurtmalar uchun ushbu kartalar orqali to‘lov qilishlari mumkin. Xaridlar uchun pul yechib olish milliy valyuta — so‘mda amalga oshiriladi.

Shuningdek, “AliExpress” to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar tufayli Xitoydan O‘zbekistonga buyurtmalar yetkazib berilishi muddati o‘rtacha 14 kungacha qisqardi.


Avvalroq “Spot” “AliExpress” foydalanuvchilari jo‘natmalarni “Uzum Market” buyurtmalarni berish punktlari orqali olishlari mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.

Sinov jarayonida O‘zbekistonning 28ta shahridagi 80 ta punktdan buyurtmalarni olish mumkin. Keyinchalik esa barcha “Uzum” BBPlari “AliExpress” ilovasidagi xaritada tanlash uchun ochiq bo‘ladi.