Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari iste’molchilarining elektr ta’minotida uzalishlar kuzatilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

21-dekabr kuni, soat 14:13da vodiy viloyatlari iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli “L-524” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan.

Buning natijasida vodiy viloyatlarining elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilmoqda.

Hozirgi vaqtda mazkur nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Nosozlik tez orada bartaraf etilib, elektr energiyasi barqarorligi ta’minlanishi qayd etilgan.

1-dekabrdan mamlakatda energetika tizimi 24 soatlik ish tartibiga o‘tkazildi. Davlat rahbari energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, shu bilan birga, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidlagandi.

12-dekabr kuni davlat rahbari ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolarni muhokama qilgandi. Masalan, Namangandagi gaz “zapravkalar"da gaz kamaygan. Andijonning to‘rtta tumanida havo sovushi sabab elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan.

Prezident bunday kamchiliklarni bartaraf etish va oldini olish lozimligini ta’kidladi. Elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, uzluksiz ishlashini ta’minlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.