Soliq ma’muriyatchiligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan, O‘zbekiston hududida tovar-transport yuk xatlarini elektron rasmiylashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilanmoqda. Shu bilan birga, yuk xatlarini saqlash va ularning hisobini yuritish tizimi ishlab chiqiladi.

Tizim 2024-yilning 1-aprelidan yirik soliq to‘lovchilar uchun joriy etiladi. 1-iyuldan esa barcha xo‘jalik yurituvchilar uchun yo‘lga qo‘yiladi.

Yuk tashish yuk jo‘natuvchi, oluvchi, ekspeditor yoki yuk tashish shartnomasi asosida xizmat ko‘rsatuvchilar tomonidan o‘zining yoki ijaraga olingan transport vositasida amalga oshiriladi.

Elektron tovar-transport yuk xati (ETTYuX) ERIdan foydalangan holda, elektron hujjat aylanish tizimi operatorlarining axborot tizimida shakllantiriladi. ETTYuX orqali yukni yuborish, yetkazib berish va qabul qilish jarayonlari raqamli imzo bilan tasdiqlanadi yoki sababi ko‘rsatilib, rad etiladi.

ETTYuXning elektron shaklga o‘tkazilishi istalgan vaqt va joyda yuk xatini rasmiylashtirish, yetkazib berilganligini real vaqtda kuzatish hamda ma’lumotlar haqqoniyligini tekshirish imkonini beradi.

STIR yoki JShShIR kiritish orqali ETTYuXda barcha tegishli rekvizitlar avtomatik shakllanadi. ID raqam EHFga kiritilganda tegishli ma’lumotlar avtomatik ravishda EHFda ko‘rinadi;

Elektron tovar-transport yuk xati tovarlarni yetkazishda shartnoma asosida transport ishini hisobga olish, haydovchiga (yukni yetkazib beruvchi mas’ul shaxsga) ish haqi yozish uchun asos bo‘ladi.

Bundan tashqari, ETTYuX soliq xizmati organlari ma’lumotlar bazasida kamida 5 yil saqlanadi. Agar shartnomada 5 yildan ortiq muddat ko‘rsatilgan bo‘lsa hujjat amal qilish muddatigacha saqlanadi.

Shuningdek, texnik nosozliklar yuzaga kelganda, ETTYuX qog‘ozda rasmiylashtiriladi. Bunda nosozlik bartaraf etilgandan keyin ETTYuX 5 kun ichida qog‘ozda ko‘rsatilgan sana bilan tizimga kiritiladi.

Avvalroq O‘zbekiston Rossiya bilan Turkmaniston orqali yuk tashuvlarini amalga oshirishga kelishgani haqida xabar berilgandi.