2023-yilning 31-dekabr kuni import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlar tomonidan sotiladigan AI-80 rusumli benziniga nisbatan aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llash muddati tugadi. Bu bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
2022-yilning 13-dekabridan mamlakatda AI-80 rusumli benzinni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish uchun aksiz solig‘i nolga tenglashtirildi. Mazkur tartib mamlakatda metan “zapravka"larda kuzatilgan mahsulot yetishmovchiligi va unga talabning oshishi fonida joriy etildi va 1-martgacha qilib belgilandi.
Undan keyin, prezident qarori bilan iste’molchilar talabini qondirish hamda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida mazkur muddat 2023-yilning 31-dekabrigacha uzaytirildi.
2024-yilning 1-yanvaridan boshlab “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi hamda “UNG Petro” AYoQShlarida AI-80 rusumidagi benzinning chakana narxi 1 litr uchun 6 800 so‘m etib belgilandi. Avvalroq mahsulot 6 050 so‘mdan sotilayotgandi.
Qayd etilishicha, import qilinadigan va mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan benzinning aksiz soliq stavkasi 1 tonna uchun 303 ming so‘m, yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilinadigan benzinning soliq stavkasi 1 tonna uchun 565 ming so‘m yoki bir litr uchun 425 so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq Buxoro va Farg‘ona NQZlarning benzin ishlab chiqarish hajmi 4 ming tonnaga oshirilgandi. Shuningdek, Rossiyadan import qilinayotgan AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin hajmi ham oshirilgan.