Yelena Maltseva “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i moliya direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur lavozimgacha Yelena “Lenta"da kichik formatdagi do‘konlar bo‘yicha moliya direktori va “Billa” chakana savdo tarmog‘ida moliya direktori sifatida ishlagan.

Bundan tashqari, “X5 Retail Group"da tijoriy kontrolling boshlig‘i hamda 2005-yildan 2013-yilgacha “Billa"da kontrolling bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.

Maltseva “Korzinka"da kompaniyaning moliyaviy operatsiyalari, budjet boshqaruvi va moliyaviy tahlilga mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, u uzoq muddatli moliyaviy strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

Maltsevadan oldin “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i moliya direktori lavozimida 2022-yil avgust oyidan beri Rud Pedersen ishlab kelayotgandi.

Pedersen “Korzinka"ning moliyaviy boshqaruv transformatsiyasi uchun mas’ul bo‘lgan.

Joriy yilning 3-yanvar kuni Rud Pedersen “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ining yangi bosh direktori lavozimiga tayinlangandi.