O‘zbekistonda Budjet tashkilotlari inspeksiyasi hamda Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident ishtirokida o‘tkazilgan videoselektorda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda soliq tizimi va soliqchilar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Xususan, 40 mingta budjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumandan Soliq qo‘mitasida yangi tashkil qilinadigan Budjet tashkilotlari inspeksiyasiga o‘tkaziladi.

Mazkur Inspeksiya to‘liq raqamlashgan bo‘ladi hamda G‘aznachilik elektron tizimiga integratsiya qilinadi.

Shuningdek, soliq qarzdorligi bilan ishlash bo‘yicha qo‘mita qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi.

Buning hisobiga, tumanlardagi qo‘shimcha 200 nafar soliqchini “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tkazish imkoni bo‘ladi.

Mamlakat soliq tushumining 50%ini beradigan 80ta eng yirik korxona va 35ta bank bilan ishlashuvchi alohida tizim bo‘ladi.

Buning uchun Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.