O‘tgan yilda tashkiliy tartibda xorijga ishga joylashtirilgan o‘zbekistonliklar soni 62%ga yetdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ma’lum qildi.

Xorijiy ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan 118ta shartnoma imzolangan. Ularda 100 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari aniqlanib, 60 mingdan ortig‘iga talabnoma olindi.

Natijada, 38 401 nafar fuqaroning Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Germaniya, Turkiya, Ruminiya, Yaponiya, Litva, Bolgariya hamda Polsha kabi davlatlarga tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashishiga ko‘maklashildi.

2022-yilda fuqarolarning 40%i ish haqi yuqori bo‘lgan davlatlarga jalb qilinib, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 62%ga yetdi. Sug‘urta hodisalari bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar 3tadan 6taga ko‘paytirildi.

Birinchi marotaba 2 mingga yaqin fuqaro Buyuk Britaniyaga, 500ga yaqini Germaniyaga yuborildi. Janubiy Koreyaga jo‘natilganlar soni 1,5 barobar oshib, 4900 nafarga yetdi.

Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan ish beruvchilardan $1,7 mlndan ortiq miqdoridagi ish haqlari undirib berilgan.

Jami 227 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan. Shundan 197 mingdan ortig‘iga axborot va maslahat, 13 minga yaqiniga huquqiy hamda 13 mingdan ortig‘iga ijtimoiy xizmatlar taqdim etilgan.

Shu bilan birga, 3 mingga yaqin fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatilib, 1499 nafariga $79 447 miqdorida bir martalik pul berilgan. Og‘ir vaziyatlarga tushgan 547 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelingan.

Avvalroq prezident 100 ming ishchiga kasb-hunar va til o‘rgatib, chet el korxonalariga ishga yuborish vazifasini qo‘ygandi.