“Telegram” dasturchilari messenjerning navbatdagi yangilanishini taqdim etdi. Bunga “Telegram Info” kanali bunga e’tibor qaratdi.

Hozirda Android va iOS foydalanuvchilari uchun 10.6 versiyada, “Windows” uchun 4.14.6 versiyada mavjud. Ulardagi yangilanishlar asosan multimedia xabarlari bilan bog‘liq funksiyalarga tegishli.

Xususan, foydalanuvchilar bir martalik ovozli va videoxabarlarni jo‘natishlari mumkin bo‘ladi (lekin qabul qiluvchi ilovaning so‘nggi versiyasiga ega bo‘lgan taqdirdagina ularni ochishi mumkin). Biroq, ular bir marta tinglash yoki ko‘rishdan keyin avtomatik tarzda o‘chiriladi.

Bir martalik audio va videoxabarlarni faqat shaxsiy chatda yuborish mumkin. Ularni boshqa chatlarga yo‘naltirishning ilojisi yo‘q.

Bundan tashqari, ovozli yoki videoxabarni yozishda jarayonni to‘xtatib qo‘yish (pauza) ham mumkin. Bu vaqtda foydalanuvchi yozib olingan qismni qirqishi va yozishni davom ettirishi yoki suhbatdoshiga jo‘natishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, “Sevimlilar” chati ham o‘zgardi, ya’ni, sarlavhani bosgan vaqtda, foydalanuvchi xabarlarni saqlagan chatlar ro‘yxati ochiladi. O‘z navbatida, ushbu manbada saqlangan xabarlar bilan birga kanallar, guruhlar va boshqa foydalanuvchilarning profillarida bir xil nomdagi yorliq paydo bo‘ladi.


Avvalroq “Telegram"da qo‘ng‘iroq qilish interfeysi yangilangani haqida xabar berilgandi.