Prezident raisligidagi majlisda chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti chegarada 4ta idora, ya’ni, bojxona, karantin, SES va veterinariya organlari tomonidan nazorat qilinmoqda.

Talab etiladigan barcha sertifikat va ruxsatnomalar to‘liq raqamlashgan, nazoratchi xodimlar hujjatlar bor-yo‘qligini tekshiradi, xolos. Shu bois, chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilishi belgilandi.

Bundan tashqari, ikki yil oldin tovarlarni bojxona rejimida qayta ishlash bo‘yicha yangi tartib joriy qilingandi. O‘tgan davrda 254ta korxona mazkur tizimda ishlashni boshlagani natijasida $1,1 mlrdlik eksport bo‘ldi.

Shundan 83%i Andijon, Buxoro, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi tadbirkorlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Lekin, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmda bunday eksport $10 mlnga ham yetmadi.

Ushbu hududlar rahbarlari bojxona rejimida qayta ishlash hisobidan $500 mlndan eksportni ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi.

Avvalroq investitsiya kompleksi uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirilgandi.