Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahridagi 160ta korxonaga chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha ogohlantirish berdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxtning Chilonzor, Sergeli va Yangihayot tumanlarida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani sabab, Ekologiya vazirligi tomonidan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyatida ekologik monitoring o‘tkazildi.

Jumladan, Chilonzor tumanidagi 70ta atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning birinchi va ikkinchi toifasiga kiruvchi korxona, Sergeli tumanidagi 68ta, Yangihayot tumanidagi 22ta korxona faoliyati tekshirildi.

Mazkur uchta tumanda ekologiya qonunchiligini buzgan beton, un mahsulotlari, keramika va kafel, mato-gazlama va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilariga ogohlantirish xati berildi. Korxonalar chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatishi kerak.

Shuningdek, 2023-yilda 2763ta hujjatga ekologik xulosalar berilgan, bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 12,3%ga oshgan.

Avvalroq “Chengdu Shiny Technology” kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindi tashiydigan elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.