Transport vazirligi hamda xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi tomonidan Xitoy bilan yangi yo‘nalishda yuk tashuvlarini amalga oshirish boshlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur yangi savdo yo‘li O‘zbekistonni Xitoyning sharqiy qismida joylashgan Sindao shahri bilan bog‘ladi. Bu yuk tashuvlarini tez, tejamkor va xavfsiz amalga oshirish imkonini beradi.

O‘zbekistonlik milliy tashuvchilar mazkur yo‘nalish bo‘ylab “TIR Carnet” kitobchasi asosida Qozog‘istondan tranzit harakatlanib, Xorgos orqali Sariq dengiz qirg‘oqlarida joylashgan Sindaoga va ortga yuk tashuvlarini amalga oshirmoqda.

Vazirlik yuklar avtomobil transportida “eshikdan eshikkacha” tamoyili asosida qisqa vaqtda o‘z egalariga yetkazib berilishini ta’minlash uchun korxonalarga yordam bermoqda.

Xususan, haydovchilarning viza olish, tashuvlarni amalga oshirish uchun xalqaro ruxsatnoma blankalari bilan ta’minlash, bojxona nazoratidan o‘tish jarayonida vujudga kelayotgan masalalar hal qilinmoqda.

2023-yil boshida Xitoyning “Zhengzhou Hongyi Transportation” logistika kompaniyasi Shenchjendan Toshkentga avtomobilda yuk tashish xizmatlarini yo‘lga qo‘ygandi.

Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro yuk tashuvlari uchun yig‘im va to‘lovlarni optimallashtirishi haqida xabar berilgandi.