“Muxlisa AI” ovozli yordamchisi O‘zbekiston uchun ishlab chiqarilgan “BYD” avtomobillarida paydo bo‘ladi. Bu haqda “Spot"ga “Uzinfocom” xabar berdi.

Yagona integrator Shavkat Mirziyoyevning XXRga tashrifi arafasida Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy investitsiya forumida ishtirok etdi

25-yanvar kuni kompaniya “BYD” va sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqaruvchi “iFLYTEK” bilan uch tomonlama memorandum imzoladi.

Memorandumning asosiy nuqtasi “Muxlisa AI"ni ovozli boshqaruv tizimlarida joriy etish bo‘ladi.

2024-yil oxirigacha yordamchini “BYD” ishlatadigan turli qurilmalar va tizimlar bilan ishlashga moslashtirish va optimallashtirish rejalashtirilgan.

Yangi funksiya ishga tushirilgach, Xitoy markasidagi avtomobil foydalanuvchilari o‘zbek tilida ovozli boshqaruvga ega bo‘ladi.

“Muxlisa AI” boshqaruv uchun foydalanuvchi interfeysini ta’minlab, tilni aniqlash va qayta ishlash imkoniyatlariga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 25-yanvar kuni “BYD” rahbari Van Chuanfu bilan birgalikda kompaniyaning O‘zbekistondagi zavodini ishga tushirdi.

Birinchi bosqichda ishlab chiqarish quvvati yiliga 50 mingta elektr va gibrid avtomobillarni tashkil etadi, kelgusida esa 300 mingtaga yetkaziladi.