Xitoyning “Henan Costar Group” kompaniyasi O‘zbekistonga tez tibbiy yordam elektromobillari yetkazib beradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha vazirlik, Xitoy Savdo-sanoat palatasi hamda “Henan Costar Group” kompaniyasi o‘rtasida qiymati $150 mlnlik shartnoma imzolandi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi bosh direktori Abduvoit G‘afurovning qayd etishicha kompaniya tomonidan “Iveco” maxsus reanimatsion elektromobillari taqdim etilgan.

“Bular test sinov tariqasida O‘zbekistonning turli hududlari, issiq, tog‘li, sovuq hududlarida foydalanilib ko‘riladi hamda natijasi bo‘yicha tez yordamga joriy etiladi”, — dedi u.

Qayd etilishicha, “Iveco” elektromobillar bitta quvvatlashda 450 kmgacha harakatlanib, yoqilg‘i-moylash masalasida 10 baravar tejamkor hamda namlik va issiqlikka chidamli hisoblanadi.

“Henan Costar Group” kompaniyasi bosh direktori Yao Xuantin bu turdagi elektromobillarni O‘zbekistonda ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.

Elektromobillar sinov muddatidan yaxshi o‘tgach investitsiya asosida xarid qilinadi. Keyingi bosqichda servis ko‘rsatish, modifikatsiya qilish bo‘yicha zavod tashkil etiladi.

Bundan tashqari, kompaniya buyurtma asosida bir nafar paramedik feldsher yuradigan ixcham avtomobil yaratib bergan. Unda birinchi yordam ko‘rsatish sumkalari mavjud hamda chaqiruv asosida harakatlanadi.

Qayd etilishicha, avtomobil bir kunda 15 tadan 25 tagacha chaqiruvlarni bajara oladi. Avtomobillar yengil chaqiriqlarga boruvchi brigadalarga beriladi.

Avvalroq prezident Jizzaxda “BYD” elektromobillari ishlab chiqarilishiga start bergandi. Natijada, yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyiha ishga tushiriladi.