Rossiyaning “Pobeda” aviakompaniyasi Sankt-Peterburg va Samarqandni muntazam reyslar bilan bog‘lashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Sankt-Peterburg — Samarqand — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha havo qatnovlari joriy yilning 16-fevralidan boshlanadi.

Parvozlar Boeing 737−800 samolyotlarida haftada bir marotaba — juma kunlari amalga oshiriladi.

Aviatashuvchi hozirda har kuni Moskva-Samarqand-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirmoqda. O‘tgan yilning oktabrida aviakompaniyaning mazkur yo‘nalishdagi parvozlar chastotasi oshirilishi ma’lum qilingandi.

Dekabrda aviakompaniya Moskva-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar boshlanish sanasi va chiptalar sotuvi boshlanganini ma’lum qildi. 3-apreldan Vnukovodan Toshkentga parvozlarni boshlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yekaterinburg va Novosibirskdan Samarqandga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olgan.