Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi delegatsiyasi Polshada o‘tkazilgan Meva ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Ochiq bahs-munozaralar davomida polshalik tadbirkorlar mamlakatlar yoshlarining Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarga ko‘p ketayotgani sababli ishchi kuchi yetishmasligini, bu esa tayyor hosilni yig‘ib ololmaslik bilan bog‘liq katta yo‘qotishlarga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Xususan, Polsha Bog‘bonlar uyushmasi raisi Vitold Pekarnik O‘zbekistondan kelgan ishchilar haqida ijobiy fikr bildirib, ularni obro‘li, intizomli va mehnatkash sifatida tavsiflagan.

Shu bilan birga, viza olishda to‘siqlar mavjudligi, bu migrantlarning Polshaga kelishini sezilarli darajada qiyinlashtirayotgani qayd etildi.

Uyushma tomonidan Polsha parlamentiga O‘zbekistonni mamlakat mehnat bozoriga kirish osonlashtirilgan davlatlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha tegishli murojaat yo‘llashga kelishib olindi.

Shuningdek, Borovka plantatsiyalari uyushmasi raisi Bartlomey Milcharek qishloq xo‘jaligi ishlari uchun 1000 nafar ishchi yetishmasligini ma’lum qildi.

U bu o‘rinlarga o‘zbekistonliklarni qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Natijada, tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishiga kelishildi.

Prezident Bandlik vazirligiga 100 ming ishchiga kasb-hunar va til o‘rgatib, chet el korxonalariga ishga yuborish vazifasini topshirgan.

Avvalroq Yaponiyaning qurilish assotsiatsiyasi o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.