Avvalroq prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda jamoat transporti masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbari jamoat transporti haligacha odamlarga sifatli xizmat ko‘rsatadigan tizimga aylanmaganini qayd etdi.

“Jamoat transporti qamrovi bor-yo‘g‘i 25% ekani — bu tizimga berilgan baho”, — dedi prezident.

Viloyatlarga yetkazilishi reja qilingan avtobuslarning hammasi ham olib kelinmagani, Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida yo‘lovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirish tizimini joriy qilish ishlari yakuniga yetkazilmagani tanqid qilindi.

Transport vaziri va viloyat hokimlari bu ishlarni to‘liq yakunlab, 1-martgacha 5ta viloyat markazida, 1-iyungacha qolgan 8ta shaharda yangi tizimni yo‘lga qo‘yishi shartligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, viloyatlarga joriy yilda 1 200ta avtobus va elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yildi. Pandemiya davrida temir yo‘l qatnovlari 2 karra qisqargani oqibatida qish kunlari odamlar chet elga mashina yoki avtobusda ketishga majbur bo‘layotgani, qishda yo‘llarda noxush holatlar ro‘y berayotganiga to‘xtaldi.

Transport vazirligi tizimidagi tegishli korxonada xalqaro qatnovlar uchun 167ta avtobus bo‘lgani bilan, korxona xususiy sektor va qo‘shni davlatlar tashuvchilari bilan raqobat qila olmayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan kompleks rahbariyatiga chet ellik hamkorlari bilan muzokara o‘tkazib, temir yo‘l qatnovlarini pandemiyagacha bo‘lgan raqamlarga yetkazish topshirildi.

Xalqaro avtobusda tashishlar sohasiga xususiy sheriklarni jalb qilish va raqobatni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, avtomobil yo‘llari tizimida eskicha yondashuvlarga barham berish zarurligi ta’kidlandi.

Yo‘l qurilishida yashirin iqtisodiyot ulushi ancha yuqoriligi qayd etilib, buni nazorat qiladigan Transport inspeksiyasining faoliyati juda sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga yo‘l qurilishidagi 40dan ziyod standart va me’yorlarni Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi talablariga moslashtirish, yo‘l qurilishi loyihalariga maxsus sertifikatga ega muhandis-konsultantlarni jalb qilish topshirildi.

Bosh prokuratura, transport prokuroriga loyihadan obyektni topshirishgacha, ularni ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq barcha jarayonlarda talon-torojlikka chek qo‘yish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.

Shuningdek, Transport vazirligiga joriy yilda kamida transport vaznini o‘lchaydigan 30ta tarozi o‘rnatish choralarini ko‘rish topshirildi.

Har bir viloyatda avtomobil serqatnov bo‘lgan kamida 20 kilometrdan yo‘l ekspluatatsiyasini xususiy sektorga berish bo‘yicha “pilot” loyihalar boshlanishi belgilandi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov hamda Toshshahartransxizmat raisi Anvar Jo‘rayevlarga ham hayfsan e’lon qilinib, oxirgi ogohlantirish berilgandi.

Avvalroq senator jamoat transporti tizimidagi kamchiliklar bo‘yicha transport vaziriga so‘rov jo‘natgandi. Unda jamoat transportiga qo‘yilgan talab kuchaytirlganiga qaramay, xizmat ko‘rsatish sifati pastligicha qolayotgani qayd etilgan.