Rossiyaning “Adamas” zargarlik buyumlari tarmog‘i 2024-yilda O‘zbekistonda do‘konlar ochish istagida, deya xabar berdi kompaniyadagi manbalarga tayanib, “Kommersant” nashri.

Qayd etilishicha, “Adamas” Qozog‘iston, Belarus, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon bozorlariga kirmoqchi. Yil oxirigacha mazkur mamlakatlarda kamida 20ta do‘kon ochish rejalashtirilgan.

“HeadHunter” portalidagi kompaniyaning bo‘sh ish o‘rinlariga ko‘ra, “Adamas” Samarqandda o‘z punktini ochish uchun direktor va liniya xodimlarini qidirmoqda. Shuningdek, Toshkentda ham o‘z do‘konlarini ochmoqchi.

“Infoline-Analytics” bosh direktori Mixail Burmistrov O‘zbekiston bozorini Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli bozor, deb hisoblaydi. Xususan, aholisi tez o‘sib borayotgan, yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari yuqori, chakana sotuvchilar o‘rtasidagi raqobat darajasi past va yoshlar ulushi yuqori bo‘lgan mamlakat ekanligi qayd etilgan.

Mutaxassis “M Cosmetic” va “Letual"ning kengayish tajribasiga e’tibor qaratdi.

Biroq, zargarlik tarmog‘i cheklangan miqdordagi yangi savdo markazlari va mintaqadagi “kulrang bozor"ning yuqori ulushiga duch kelishi mumkin.

“Boshqa mamlakatlarda o‘z do‘konlaringizni ochishga investitsiyalar franchayzing modelidan foydalanishga qaraganda ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin”, — deb ta’kidlaydi Burmistrov.

Avvalroq Ispaniyaning “Santander” banki O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.