Toshkent viloyatida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan xususiy aerodrom quriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoyning Shenchjen shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Xitoy biznes forumida tomonlar kelishuvlarni amalga oshirdi.

Unga ko‘ra, viloyatning Ohangaron tumani “Yangi hayot” MFY hududida 100% Xitoy kapitali ishtirokida aerodrom qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Loyiha qiymati $380 mlnni tashkil etadi. Qurilish ishlari joriy yilning ikkinchi yarmida boshlanishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Oqqo‘rg‘on tumanida Xitoy bilan hamkorlikda $56 mlnlik yettita investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, trikotaj, matolar, sintetik matras, poyabzal, qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishiv amalga oshirildi.

Quyi Chirchiq tumanida umumiy qiymati $33 mlnlik uchta sanoat yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyat korxonalari xitoylik hamkorlar bilan $50 mlnlik eksport shartnomalarini imzoladi.

Nurafshon shahri hokimi Ilhom Qlichxonov “Zhjejiang Field” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda biznes markazi va turar-joy majmuasini qurish, sanoat av elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi $50 mlnlik shartnoma tuzdi.

Bungacha Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Bo‘stonliq tumanidagi Oqtoshda $10 mlnlik yangi dam olish maskanini qurishga kelishgandi. Xitoy delegatsiyasi fevral oyida loyihani boshlash uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi.