Farg‘onada Xitoy kompaniyasi ishtirokida paxta terish mashinalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish hamda servis markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga tashrifi davomida paxta terish mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery” hamda “China Railway Construction Heavy Industry Corporation” kompaniyalarida bo‘ldi.

Uchrashuvda mazkur kompaniyalar bilan Farg‘ona hududida paxta terim mashinalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, servis markazini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi

Kompaniyalarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish chog‘ida ishlab chiqarilayotgan terim mashinalarining texnik xususiyatlari, samaradorligi, viloyat paxtachiligi talablariga mosligi o‘rganildi.

Muzokaralar yakunida Farg‘onada “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery” kompaniyasi bilan hamkorlikda paxta terish mashinalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish hamda servis markazini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

“Shandong Swan Cotton Industrial Machinery” kompaniyasi bilan yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi mashinalarini Farg‘onaga olib kirish masalasi ko‘rib chiqilgandi.

Avvalroq Turkiyalik tadbirkorlar Farg‘onada zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi. Loyiha qiymati $10 mln bo‘lishi kutilmoqda.