2-fevral kuni Olmaotada o‘tkazilgan “Digital Almaty 2024” forumida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi ishtirok etdi, deya xabar berdi hukumat matbuot xizmati.

Tadbirda raqamli iqtisodiyot inson faoliyati barcha sohalarda jadal o‘zgarishini hisobga olgan holda, global rivojlanishning asosiy omiliga aylangani qayd etildi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda natijalari haqida so‘z yuritdi. Xususan, kelgusi yillarda IT-xizmatlar eksporti o‘sishi uchun qulay muhit yaratish rejalashtirilgani qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochayotgan xorijiy kompaniyalar hamda mahalliy IT-kompaniyalarni tashqi bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash, davlat xizmatlarining fuqarolar uchun qulayligini oshirish kabilar bo‘yicha vazifa hamda loyihalar amalga oshiriladi.

Ta’lim, moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi, energetika, geologiya va boshqa sohalarni raqamlashtirish doirasida 100dan ortiq axborot tizimlari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilindi. Masalan, 370ta bojxona amaliyoti raqamlashtirilib, hujjatlarni ko‘rib chiqish vaqti 3 soatdan bir necha daqiqagacha qisqartirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mln bo‘lgan “President Tech Award” tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani forum ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otgan.

Forumda birgalikda yangi texnologiyalarni joriy etish MDH mamlakatlarining tez raqamli rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni sun’iy intellekt sohasida texnologiyalar va bilim almashish uchun mintaqaviy ekspert platformasini yaratishni taklif etdi.

Avvalroq “OpenAI” kompaniyasi mualliflik huquqi sun’iy intellekt rivojlanishini muvaffaqiyatsizlikka olib kelishi haqida qayd etgandi.