“Honda” AQShda xavfsizlik yostig‘i sensori tufayli 750 mingta avtomobilni qaytarib oladi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri AQSh Milliy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabariga tayanib.

Qaytarib olish 2020−2022-yildagi “Honda Pilot”, “Accord”, “Civic”, “HR-V” va “Odyssey” modellarini, shuningdek, 2020-yilgi “Fit” va “Civic Coupe” modellarini qamrab oladi.

Bundan tashqari, qaytarib olish 2021-yilgi “Civic Type R” va “Insight”, “CR-V”, “CR-V Hybrid”, “Passport”, “Ridgeline” va 2020−2021-yilgi “Accord Hybrid"ni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, “Acura” hashamatli brendining 2020−2022-yilgi “MDX”, 2020−2022-yilgi “RDX” va 2020−2021-yilgi “TLX” modellariga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Qayd etilishicha, mazkur muammo old yo‘lovchi o‘rindig‘idagi sensorda qisqa tutashuvga olib kelishi va havo yostig‘ini to‘g‘ri ochmasligi mumkin.

“Agar o‘rindiqlarda bolalar yoki yengil vaznli odamlar bo‘lsa, xavfsizlik yostiqchalarini o‘chirish uchun sensorlar kerak. Agar bu sodir bo‘lmasa, shikastlanish xavfi ortadi”, deyiladi AQSh Milliy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabarida.

Kompaniya 2020-yilning 30-iyunidan joriy yilning 19-yanvarigacha 3800 dan ortiq shikoyat kelib tushganini aytdi, biroq muammo natijasida jarohatlanganlar yoki o‘lim holatlari haqida xabarlar yo‘q.

2023-yil noyabr oyida “Honda” AQShdan 300 mingta avtomobilni qaytarib olishi haqida xabar bergandi.

Bunga yetkazib berilgan avtomobillardagi old xavfsizlik kamarini mahkamlash moslamalarida yetishmayotgan qism sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur muammo avariya paytida jarohat olish xavfini oshirishi mumkin.

Avtomobillarning qaytarib olinishi Accords va HR-V modellariga ta’sir qiladi, deyiladi AQSh Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) bayonotida.

Kompaniya old xavfsizlik kamarini mahkamlash moslamalarida kerakli qism yo‘qligini yig‘ish paytida yo‘l qo‘yilgan xato bilan izohladi.


Avvalroq “Spot” “Tesla” AQShda 2,2 million avtomobilni qaytarib olishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, avtomobillarning qaytarib olinishiga asboblar panelidagi noto‘g‘ri shrift o‘lchami sabab bo‘lgan.