Afg‘oniston O‘zbekistonga ikki yil davomida to‘plangan elektr energiyasi uchun qarzdorligini to‘ladi, deb xabar berdi Afg‘onistonning “Hasht-e Subh Daily” nashri.

“Da Afghanistan Breshna Sherkat” energetika kompaniyasi Eron, Tojikiston, Turkmaniston hamda O‘zbekistonga elektr energiyasi importi bo‘yicha $627 mlnlik qarzni to‘lashini ma’lum qildi.

Afg‘oniston kompaniyasi ikki yildan ortiq qarz avvalgi hukumatdan qolganini va to‘liq to‘langanini ta’kidladi.

O‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni bir yilga uzaytirgandi.

Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston Energetika vazirligidan sohadagi infratuzilma muammolarini hal etish va elektr energiyasi yetkazib berish hajmini oshirishni so‘radi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov uchta energetika obyekti ta’mirlangach, elektr energiyasi ta’minoti tiklanishini qayd etgandi.

2021-yilda Afg‘onistonga 2,1 mlrd kVt soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. yilda 2,2 mlrd kVt soat elektr energiyasi yetkazish belgilangandi.