“Saneg” neft-gaz kompaniyasi Italiyaning yuqori sifatli avtomobil va sanoat moylari hamda moylash materiallari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi “CGC Lubricants Italy"ni sotib oldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, “CGC Lubricants Italy” kompaniyasi “Saneg"ning sho’ba korxonasi “SEG Motol” bilan strategik hamkorlik shartnomasini imzoladi. Natijada kompaniya nomi “Saneg Oil Italy"ga almashtirildi.

“Kompaniyaning Bari shahridagi zavodida akkreditatsiyadan o‘tgan ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi mavjud. U doimiy ravishda innovatsiyalarni joriy etib keladi hamda keng turdagi yangi moylash materiallarini ishlab chiqadi”, — deya qayd etdi “Saneg” kompaniyasining bosh direktori To‘lqin Yusupov.

Uning qayd etishicha, mazkur tajriba “Saneg"ning Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ham qo‘llaniladi. Shuningdek, “Saneg Oil Italy” yangi texnologiyalar va nou-xaulari O‘zbekistonda moylash materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirishga yordam beradi, deya qo‘shimcha qildi.

Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari yuqori darajada avtomatlashtirilgan bo‘lib, bu orqali 200dan ortiq turdagi moylash materiallari ishlab chiqariladi.

“CGC Lubricants Italiya” Farg‘ona NQIZ uchun mahsulotlarning strategik yetkazib beruvchisi bo‘ladi hamda bu orqali O‘zbekiston va xalqaro bozorlarga, jumladan, Fransiya, Ispaniya va Portugaliyaga uzluksiz mahsulot yetkazib berishni ta’minlaydi.

“SEG Motol” bilan kelishuv retsepturalar va texnologiyalar sohasida tajriba almashish hamda FNQIZ tomonidan ishlab chiqarilgan bazaviy moylar uchun Yevropa xavfsizlik sertifikatlarini olish kabilarni o‘z ichiga oladi.

2023-yilning dekabrida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi avtomobil benzinini ishlab chiqarishni oshirdi. “Saneg” qishki talabning oshishini yangi texnologiyalarni joriy etish orqali qoplashini bildirdi.

Avvalroq CNPC AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatish maqsadida Buxoro NQIZni modernizatsiya qilayotgani haqida xabar berilgandi.