Nukusdan Istanbulga parvozlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 9-fevral kuni prezident tomonidan qabul qilingan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qarorda belgilangan.

Bu bo‘yicha Transport vazirligiga “Uzbekistan Airways” hamda rezident aviakompaniyalar, shuningdek, Ekologiya vazirligi bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonga turistlar oqimini oshirish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratishga oid topshiriqlar berildi.

Xususan, joriy yilning 1-aprelidan Istanbul — Nukus — Toshkent hamda Samarqand — Nukus — Istanbul yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, yangi xarid qilinayotgan L-410 rusumli samolyotlardan bir donasi Qoraqalpog‘istonda ichki reyslar uchun dislokatsiya qilinishi ta’minlanadi.

Yanvar oyida prezident huzurida 2023-yilda Qoraqalpog‘istonda qilingan ishlar ko‘rib chiqilib, 2024-yilga mo‘ljallangan vazifalar muhokama qilingandi.

Ayrim fuqarolarga Mo‘ynoq va Zominga aviaparvozlar uchun 50%lik chegirma taqdim etilishi belgilanmoqda. Bunda aviakompaniyalarning imtiyozli ta’riflar bo‘yicha xarajatlari byudjetdan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, 2027-yilgacha Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan 1000 nafar shaxsga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining 50%i qoplab beriladi.