19-fevral kuni mamlakatda mis xomashyosini chuqur qayta ishlashni oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, birja savdolari orqali xarid qilingan mis uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Bunda mahsulot qiymatining 25%i bo‘nak tarzida to‘lansa, qolgani mis olinganidan so‘ng 90 kun ichida to‘lanishi mumkin.

Mazkur imkoniyat berilgan har bir kun uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan summa muddatiga qarab belgilanadi. Xususan, dastlabki 30 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar uchun foiz hisoblanmaydi.

31 kundan 60 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga Markaziy bank asosiy stavkasining 50%i miqdorida foiz hisoblanadi. 61 kundan 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismi uchun esa asosiy stavka miqdorida belgilanadi.

Qaror joriy yilning 1-aprelidan kuchga kiradi hamda uning talablari mazkur muddatgacha tuzilgan shartnomalarga amal qilmaydi.

Yanvar oyida Malayziyaning “Luna Far East” kompaniyasi O‘zbekistonda misni qayta ishlash loyihasini amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.