21-fevral kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, jismoniy shaxslar sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.

Bu pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini to‘liq qanoatlantirishga yoki soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmasa amal qiladi.

Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha bilan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq to‘lovlarini to‘lash, belgilangan muddatda to‘xtatib turiladi.

Bundan mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlar solig‘i hamda ijtimoiy soliq mustasno.

Shuningdek, mazkur soliq qarzlarini 6 oy ichida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.

Bu esa sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining yoki tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan boshlab amal qiladi.

Shuningdek, bankrot deb topilgan qarzdor yuridik va jismoniy shaxslarning yoki YaTTning mol-mulkini sotishdan tushgan mablag‘larining qarzni to‘lashga yo‘naltirilgan qismi daromad sifatida hisobga olinmaydi.

“Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimcha bilan sud boshqaruvchisi to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish jarayonida o‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun da’vo va boshqa arizalar bilan davlat bojini to‘lamasdan sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ldi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Avvalroq tadbirkorlar soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha bevosita sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi.