Rossiya bilan uch tomonlama gaz ittifoqi Markaziy Osiyoda tabiiy gaz ta’minoti va taklifi muvozanatini yaxshilashi mumkin. Bu haqda Jahon bankining 2060-yilgacha uglerod neytralligiga erishish haqidagi hisobotida keltirilgan.

Qisqa muddatda Markaziy Osiyo davlatlari gaz yetkazib berishning qisqarishi va Rossiya bilan uch tomonlama gaz ittifoqiga qo‘shilish hamda Xitoyga eksportni qisqartirish o‘rtasidagi tanlovga duch kelishi mumkin.

Qozog‘iston va O‘zbekistonda o‘sib borayotgan talab va ishlab chiqarishning turg‘unligi tufayli mintaqa gaz balansining yomonlashishi Markaziy Osiyo davlatlariga bir vaqtning o‘zida Xitoyga gaz eksport qilish va kuz-qish mavsumida ichki bozorni ta’minlash imkonini bermayapti.

2021-yilda Markaziy Osiyo Turkmaniston-Xitoy quvurining uchta tarmog‘i orqali Xitoyga 42 mlrd kub metr va Rossiyaga 15 mlrd kub metr gaz eksport qildi. Biroq, 2022-yilda mintaqa davlatlari Xitoyga gaz yetkazib berishni 5%ga, Qozog‘iston va O‘zbekistonda esa mos ravishda 26 va 42%ga qisqartirgan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda Rossiyadan Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish hajmi 10 mlrd kub metrni tashkil etadi, uning yarmiga yaqini Xitoyga reeksport qilinishi mumkin. Biroq, bu quvur gaz infratuzilmasini qo‘shimcha modernizatsiya qilishni talab qiladi.

“Modellashtirish natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2025-yilgacha [Markaziy Osiyo] mintaqasida qo‘shimcha 10 mlrd kub metr Rossiya gazi Markaziy Osiyodan Xitoyga eksportning barqaror darajasini saqlab qolishga yordam beradi va 2023−2025 yillarda mintaqada o‘sib borayotgan ichki iste’molni ta’minlaydi” — deyiladi xalqaro bank hisobotida.

Bazaviy ssenariyga ko‘ra, gaz ittifoqi tuzilmasa, 2023-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyoda gaz qazib olish va eksport qilish darajasi pasayadi.

Energetika xavfsizligini yaxshilash maqsadida Jahon banki Markaziy Osiyoda mintaqaviy gaz savdosini faollashtirish va Turkmanistondan import hajmini oshirishni taklif qilmoqda.


Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish 7-oktabrdan boshlangan. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil oxirigacha tranzit 800 mln kub metrni tashkil etishi va yil davomida 2,8 mlrd kub metr yetkazib berish kutilmoqda.

Oktabr oyi oxirida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya gaz sohasida yaqin 15 yilga hamkorlik bo‘yicha kelishuvni muhokama qilishayotganini ma’lum qildi.

Yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida Rossiya kompaniyasi “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvurlari tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston investitsiya dasturi doirasida 2030-yilgacha gaz transport tizimini modernizatsiya qilishga $470 mln ajratmoqchi. “O‘ztransgaz” mamlakat magistral gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilishga xorijiy kreditlarni jalb qiladi, bu esa Rossiyadan tabiiy gaz importi hajmini oshiradi.