24-fevral kuni Toshkent shahriga to‘rt vagonli 3ta metro poyezdi olib kelindi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur harakat tarkiblari belgilan yo‘riqnoma asosida 8−10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkazilib, undan keyin yo‘lovchilarga xizmat qilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘nalishlardagi vaqt intervallarini qisqartirish uchun yangi metro poyezdlari “Yunusobod” va “Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishlari"da harakatga chiqariladi.

Shuningdek, metropoliten joriy yilning may oyiga oxirigacha bosqichma bosqich yana 8ta metro poyezdi olib kelinishi rejalashtirilganini qayd etdi.

Natijada, metro vagon parklarini yangilash va belgilangan vaqt intervallarini yanada qisqartirish kutilmoqda.

2023-yilning noyabrida davlat rahbari metro xizmatlari sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Yana yangi vagonlar olib kelib, foydalanish muddati o‘tganlarini yangilash, ikki daqiqali intervalni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Toshkent metropolitenini transformatsiya qilib, daromadini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Yanvar oyi oxirida davlat rahbari metro vagonlari sonini oshirish choralarini tezlashtirish lozimligini qayd etgandi.