Shavkat Mirziyoyev 29-fevral kuni Xorazm viloyatiga tashrif doirasida “Voltalia” kompaniyasi bosh direktori Sebasten Kler bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentning 2022-yil noyabrda Fransiyaga tashrifi doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida hamkorlik kelishilgandi. Kompaniya bilan Tuproqqal’a tumanida quvvati 100 megavattli quyosh elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasidagi ishlar boshlanmoqda.

Loyiha doirasida ilk bor agrovoltaika tajribasi qo‘llanadi. Bu bir maydonning o‘zida, quyosh panellari ostida sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi. Kelgusida agrovoltaika yechimlarini joriy qilib, uning imkoniyatlarini kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari kompaniya bilan hamkorlikda Xorazmda akkumulatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va Buxoroda gibrid turdagi elektr stansiyasini qurish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan. Loyiha natijasida yiliga 254 mln kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. Bu viloyat yillik elektr energiyasi iste’molining 11%ini qoplaydi.

Umuman bu loyiha ishga tushsa, Xorazm viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 30%ga oshib, 424 mega-vattga yetadi. Xususan, Tuproqqal’a tumanining elektrga bo‘lgan yillik 135 mln kilovatt soat talabi to‘liq qondiriladi.

Shu bilan birga, iste’moldan ortgan 40% energiyani qo‘shni tumanlarga uzatish mumkin bo‘ladi. Ya’ni, 85 ming xonadonni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanadi.

Loyiha orqali 76 mln metr kub tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 106 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Tadbirda Xorazmda 2 mingdan ziyod xonadon va 855ta tadbirkorlar 15 megavattli quyosh panellarini o‘rnatib, ehtiyojdan ortiq ishlab chiqarilgan 320 ming kilovatt soat elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olingani ta’kidlandi.

2022-yilning dekabrida Energetika vazirligi O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblarini e’lon qildi. Xorazmdagi mazkur 100 MVt quvvatga ega loyiha uchun ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektrni 2,8 AQSh sentida yetkazib berish taklifi bilan “Voltalia” g‘olib bo‘ldi.

2023-yil oxirida prezident loyihani tasdiqladi. Loyihaga jami $68 mln investitsiyalar jalb qilinishi va kompaniya qurilish davrida $20 mlnlik bank kafolatini taqdim etish majburiyatini olishi qayd etildi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniya bilan 25 yil davomida milliy valyutada elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish bo‘yicha bitim imzolagan.

Voltalia” kompaniyasi 2005-yilda tashkil etilgan. Energiya ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi provayder global energiya va ekologik o‘tish harakatiga qo‘shilishga yordam beradi.