Joriy yilning 20-martidan shaharlararo yo‘lovchi poyezdlar yo‘nalishlari yagona tarifga o‘tkaziladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.

Bunda yo‘lovchilar avvalgidek har bir zona uchun alohida narxda emas, balki yo‘nalishiga qarab, zonalarga bo‘linmagan holatda to‘lovni amalga oshiradilar.

Xususan, Toshkentdan Angren va Xojikentga harakatlanuvchi poyezdlarga yagona tarif narxi 10 ming so‘mni tashkil etadi. Bolalar uchun esa — 6 500 so‘m.

Shuningdek, Poytaxtdan Sirdaryo, Guliston, Xovos hamda Bekobodga va ortga harakatlanuvchi yo‘nalishning yagona tarif narxi 12 ming so‘mni (bolalar uchun 7 500 so‘m) tashkil etadi.

Quyidagi jadval orqali tariflar bilan tanishish mumkin:

narxlar, o'zbekiston temir yo'llari, poyezd qatnovi, shaharlararo qatnov, tariflar

Shuningdek, elektron tarzda to‘lov qilmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilar chipta narxlarini 500 so‘m arzoniga xarid qilishladi.

Fevral oyi oxirida elektropoyezdlarda “ATTO” va bank kartalaridan to‘lovlar qabul qilish ishga tushirildi. Bu imkoniyat Toshkent-Xojikent poyezdida ishga tushirilgan bo‘lib, tizim yana uchta yo‘nalishda yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yilning 1-noyabridan yo‘lovchi tashish temir yo‘l chipta narxlariga yangi tarif belgilangandi. 20-yanvardan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chiptalar narxi 20%ga oshirildi.

Aslida, mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari oktabr oyida oshirilishi kerak edi. Biroq, bu jamoatchilik etirozlariga sabab bo‘lib, turli muhokamalarni keltirib chiqardi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” amaldagi narxlar xizmat ko‘rsatish sinfiga mos kelmasligini ta’kidladi.

Shuningdek, noyabr oyida kompaniya 2024-yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi chiptalari narxini oshirish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilingandi.