Avvalroq “Gazli Gas Storage” ta’sischilardan biri o‘zgargani haqida xabar berilgandi. Rossiyaning “Forus” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan 60% ulush Gonkongning “Daxon Holdings” kompaniyasiga o‘tkazildi.

Kompaniya matbuot xizmati OAVdagi “taxmin qilingan mavhum ishtirokchilar haqidagi asossiz va tuhmat ma’nosidagi chiqishlar” bo‘yicha bayonot berdi.

2023-yilning oktabrida korporativ restrukturizatsiya natijasida tashkilotning Rossiyaning “Forus” kompaniyasiga tegishli ulushi Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan “Daxon Holdings Limited” kompaniyasiga o‘tdi.

“Baxtiyor Fazilov restrukturizatsiyadan oldin ham, keyin ham asosiy benefitsiar sifatida qolmoqda. „Gazli Gas Storage“ sanksiyalar ostida bo‘lgan shaxslarga hech qachon tegishli bo‘lmagan”, deyiladi xabarda.

Gonkongga relokatsiya bo‘lish to‘g‘risidagi qaror Xitoy kompaniyalari bilan katta hajmdagi biznes aloqalari o‘rnatilgani sabab qabul qilingan.

Qonuniy ro‘yxatdan o‘tish hisob-kitoblarni va qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb qilishni, biznesni rivojlantirishga uskunalar sotib olishni osonlashtirishi qayd etilgan.

Bundan tashqari, qayta tashkil etish boshqaruv shaklini soddalashtiradi va uni investorlar va kontragentlar uchun shaffof hamda maqbul qiladi.

“Gazli Gas Storage"ni kengaytirish dasturi doirasida jalb qilingan investitsiyalar miqdori $310 mlnni tashkil etadi. Gaz omborining quvvati 50%ga oshib, 4,5 mlrd metr kubga yetdi.

Birinchi uch yilda neft qazib olish 25−30%ga oshdi, natijada 47 ming tonna neft qazib olindi va bu 550 mln metr kubga yetdi. 200dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan va buni 300taga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Gazli Gas Storage"ning asosiy vazifasi “Gazli” konining gaz gorizontlari va neft qatlamlarini qo‘shimcha qidirish va ishlab chiqish bilan kompleks kon majmuasidagi yer osti gaz ombori gaz saqlash hajmlarini oshirish hisoblanishi qayd etilgan.

Kompaniya boshqaruvi: bosh direktor — Otabek Akbaraliyevich Jabriyev, bosh direktorning birinchi o‘rinbosari va bosh muhandis — Maxamatxo‘ja Xabibullayevich Saydazimov hamda bosh direktorning moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari — Irina Anatolyevna Bratuhina.