Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi tadbirkorlardan maxsus chiqindi paketlarini xarid qilish bo‘yicha tijorat takliflarini qabul qilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xarid qilinadigan paketlarga qo‘yiladigan talablar mavjud bo‘lib, ular mikroorganizmlar ishtirokida bioparchalanish xususiyatiga ega yoki tarkibida kraxmal bo‘lgan organik chiruvchi mahsulotlardan ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak.

Paketlarning har biri ixcham shaklda yig‘ilgan, taxlangan, bir-biriga ketma-ket ulangan, o‘ralgan rulon holatida ishlab chiqarilgan bo‘lishi lozim. Rangi shaffof, rangsiz, qora hamda jigarrang bo‘lishi kerak.

Paketlarning sig‘imi, o‘lchami, yuk ko‘taruvchanligi va qalinligiga qo‘yiladigan talablar quyidagicha:

  • jigarrang: eni — 55 sm, bo‘yi — 65 sm, sig‘imi — 20−25 l va qalinligi 40 mikron — 60 ming dona;
  • shaffof rangsiz: — eni — 60 sm, bo‘yi — 90 sm, sig‘imi — 40−45 l, qalinligi 60 mikron — 30 ming dona hamda eni — 55 sm, bo‘yi — 65 sm, sig‘imi — 20−25 l, qalinligi — 40 mikron — 30 ming dona;
  • qora rangli: eni — 60 sm, bo‘yi — 90 sm, sig‘imi — 40−45 l, qalinligi — 60 mikron — 30 ming dona hamda eni — 55 sm, bo‘yi — 65 sm, sig‘imi — 20−25 l, qalinligi — 40 mikron — 30 ming dona.

Paketlarning dizayni yuqorida keltirilgan rasmdagi kabi bo‘lishi kerak. Ulardan chiqindilarni saralab, yig‘ishda foydalaniladi.

Takliflar joriy yilning 14-mart kuni 11:00gacha qabul qilinadi. Takliflarni vazirlikning info@eco.gov.uz elektron pochtasi orqali yuborish mumkin.

Batafsil ma’lumotlarni +998 71 270 07 70 hamda 9991 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, olish mumkin.

Avvalroq chiqindi poligonlarida maxsus iqtisodiy zonalar rejimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Birinchi pilot loyiha Andijonda amalga oshirilib, keyinchalik mamlakatning boshqa hududlarida ham yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yilning oktabrida maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.

Bundan tashqari, Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanida maishiy chiqindilarni saralash yo‘lga qo‘yiladi.