12-mart kuni Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va eksportga jalb etish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

2023-yilda eksportchi korxonalarga 665 mlrd so‘mlik yordam ko‘rsatilib, 3,2 mlrdlik eksport ta’minlangan. Ayrim tarmoq va hududlarda bu mablag‘lardan samarali foydalanilmagan.

Elektr texnikasi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, zargarlik tarmoqlarida eksport o‘rtacha ko‘rsatkichlarga yetmagan. Uyushmalar tomonidan 2 709 ta salohiyatli eksportchilar qamrab olinmagan, ularga haligacha biror yordam ko‘rsatilmagan.

Hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini yaxlit tizimda birlashtirish maqsad qilinmoqda. 12ta tarmoq va sanoat uyushmasini Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda.

Bu orqali loyiha tayyorlash va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini o‘zi boshqaradigan tashkilotga o‘tadi. Natijada ularning talab va istaklarini eshitish, muammolarini hal qilish osonlashadi, tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligi kuchayadi.

Xorij tajribasi asosida sohadagi agentlik va jamg‘armalar o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etiladi. Kompaniya tadbirkorlar uchun subsidiya, kompensatsiya va boshqa ko‘maklarni barqarorlik reytingi asosida ajratadi.

Kompaniya chet eldan malakali dizayner, texnolog va marketologlarni jalb etib, milliy mahsulotlarni xalqaro talablarga moslashtirish, eksportchilarning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, milliy brendlarni xorijda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, uning “O‘zbekekspertiza” boshqaruvi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan aloqalari kuchaytiriladi. Barcha tumanda Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash loyiha ofislari ish boshlaydi.

Prezident iqtisodiy islohotlardan asosiy maqsad tadbirkorlikni rivojlantirish ekanini ta’kidlab, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Uyushmalarning vazifalarini ko‘rib chiqish, rahbar va xodimlar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi. Asosiy ishni hududlarda tashkil etib, yangi loyihalar ishlab chiqish, tadbirkorlarni eksportga jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar bu yil mahalliy sanoat eksporti hajmini $12 mlrdga yetkazish rejalari to‘g‘risida axborot berdi.

Avvalroq meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishda minimal eksport narxlari belgilanishi haqida xabar berilgandi. Mazkur mahsulotlarning eksport narxi pasayishining tafovuti 20%dan kam bo‘lmasligi kerak.