“LOT Polish Airlines” Varshavadan Toshkentga parvozlarni boshladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

13-mart kuni soat 22:55da Varshava aeroportidan aviakompaniyaning Toshkentga birinchi muntazam parvozi amalga oshirildi.

Aviakompaniyaning Boeing 737 MAX 8 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 09:00da poytaxtga (Polsha vaqti bilan 05:00) kelib qo‘ndi. Parvoz 6 soat davom etgan.

“Qulay tranzit punkti bo‘lgan Shopin aeroportidan Toshkent yo‘lovchilari yo‘nalishlar tarmog‘imizda mavjud Yevropa yoki Shimoliy Amerikaning 80ga yaqin shaharlariga yetib borishlari mumkin”, — dedi aviakompaniya bosh direktori Mixal Fiyol.

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha parvozlar haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Aviatashuvchi aprel va may oylarida qo‘shimcha parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Mazkur reys haftaning seshanba kuni Varshava — Toshkent yo‘nalishida, qaytish esa chorshanba kuni harakatlanadi.

2023-yil boshida “LOT Polish Airlines” Varshava-Toshkent yo‘nalishida charter reysni amalga oshirishi ma’lum bo‘lgandi. Martga kelib, birinchi yo‘lovchi charter reysini amalga oshirishi haqida xabar berildi.

Avgust oyida “O‘zaviatsiya” agentligi aviatashuvchiga mamlakatga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat berdi. Yil oxirida esa aviakompaniyaning 2024-yilgi parvoz rejalari ma’lum qilindi.

LOT Polish Airlines” — shtab-kvartirasi Varshavada joylashgan Polsha aviakompaniyasi. Aviakompaniya dunyodagi qadimgi, yirik va vakillari ko‘p alyans — “Star Alliance” a’zosi hisoblanadi.