Qozog‘istonning “FlyArystan” aviakompaniyasi joriy yilning 3-iyundan boshlab Olmaota-Nukus-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar boshlanishini ma’lum qildi.

Parvozlar haftada uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

Bir tomonlama chipta narxi 33 ming tengedan (Markaziy bankning joriy kursi bo‘yicha 923 ming so‘mdan) boshlanadi.

Chiptalarni bron qilish uchun aviakompaniya veb-saytida yoki iOS va Android’dagi mobil ilovalar orqali olish mumkin.


“Air Astana” rahbari Piter Foster “FlyArystan” aviakompaniyasining O‘zbekiston shaharlariga — dastlab Toshkent, Nukus, Qarshi va Farg‘ona vodiysiga, so‘ngra Samarqand, Buxoro va Xivaga reyslarini yo‘lga qo‘yish rejasini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, u O‘zbekistonning loukoster aviakompaniyasini yaratishda hamkor sifatida ishtirok etish niyatida ekanligini maʼlum qildi.

2023-yil 18-martdan boshlab “FlyArystan” tanaffusdan so‘ng Olmaotadan Samarqandga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘ydi. Reyslar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.

May oyida “FlyArystan” Ostonadan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.

Aviaqatnovlar 3-iyuldan boshlab haftasiga ikki marta — dushanba va chorshanba kunlari amalga oshiriladi.


Avvalroq “Spot” “Azimut” aviakompaniyasi 1-apreldan Termiz-Sochi reyslarini yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.

Parvozlar SSJ-100 rusumli samolyotlarda haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshiriladi.