26-martdan Toshkent shahrida 2023−2024-yilgi isitish davri yakunlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matvuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8 darajadan yuqori bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan tamomlanishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, Toshkent shahar gidrometeorologiya markazining ma’lumotlarini hamda o‘rtacha sutkalik harorat 10 darajadan yuqori bo‘layotganligini inobatga olgan holda, 2024-yilning 26-mart kunidan 2023−2024-yilgi isitish davri yakunlanadi.

2023-yilning 6-noyabrdan Toshkentda isitish mavsumi boshlangandi.


Avvalroq “Spot” Toshkentda aholi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tarifi oshirilayotgani haqida yozgandi.

Issiqlik va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun tarif 1 Gkal uchun 105 754 so‘m etib belgilanadi.

Noyabr oyida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi issiq suv ta’minoti va issiqlik energiyasi uchun tariflarni yangilashga qaratilgan tegishli qarorni qabul qilgandi.

Undan keyin, yangi narxlarni tasdiqlash bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi tegishli qaror loyihasini e’lon qildi. Poytaxt hokimligi issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi.

Isitish tariflarining oldingi o‘zgarishi 2022-yilning oktabrida amalga oshirilib, faqat budjet tashkilotlariga ta’sir qilgandi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun tarifni bazaviy tarifga, aholi uchun esa 119 548 so‘mga bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.

“Veolia” va poytaxt hokimligi o‘rtasida 2021-yilda isitish tizimini boshqarish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Fransiya kompaniyasining sho‘ba korxonasi 30 yil davomida DXSh asosida issiqlik tarmog‘ini boshqaradi va sof foydaning 10%iga infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qiladi.