“Google” AQShdagi podkast ilovasini yopadi, deya xabar bermoqda “Techcrunch” nashri.

Foydalanuvchilarga obunalarini saqlab qolish va sevimli shoularini kuzatishda davom etish uchun 2-aprelgacha “YouTube Music"ga o‘tish tavsiya qilindi.

Ushbu muddatgacha o‘tmaganlar uchun qo‘shimcha vaqt beriladi, biroq bu kundan keyin ular “Podcasts” ilovasidan podkastlarni uzata olmaydi.

Dunyo bo‘ylab 500 mlndan ortiq Android qurilmalariga yuklab olingan “Google Podcasts” ilovasi besh yildan ortiq vaqt davomida podkastlarni qidirish, obuna bo‘lish va tinglash uchun uzluksiz, foydalanish uchun qulay interfeys, shuningdek, RSS tasmalari orqali podkastlarni qo‘shish vositalarini taqdim etib kelmoqda.

Biroq, o‘tgan yilning sentabr oyida texnologiya giganti “YouTube” brendi ostida audio xizmatlarni markazlashtirish rejasi doirasida 2024-yil boshida “Google Podcasts” ilovasini bosqichma-bosqich to‘xtatishni boshlashini e’lon qildi.

2020-yilda “YouTube Music xizmati “Google Play Music” musiqa ilovasi auditoriyasini asta-sekin o‘zlariga o‘tkazish rejasini taklif qildi.

Biroq, “Google Podcasts” ilovasi yillar davomida o‘z faoliyatini davom ettirdi, chunki “YouTube Music” yaqin vaqtgacha podkastlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas edi.

2023-yil oxiriga kelib “YouTube Music” butun dunyo bo‘ylab podkastlarni qo‘llab-quvvatlashga muvaffaq bo‘ldi va fevral oyidayoq foydalanuvchilar o‘zlarining RSS tasmalarini yuklashlari mumkin edi.

Podkastlarni “YouTube'"ga ko‘chirish “Google"ga nafaqat sa’y-harakatlarini birlashtirish va strategiyasini takomillashtirish orqali, balki “YouTube"da allaqachon mashhur bo‘lgan video podkastlarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganligi sababli, yanada muhim o‘yinchi bo‘lishiga yordam berishi mumkin.