“Xiaomi” korporatsiyasining kapitallashuvi qariyb $7,6 mlrdga oshdi, deya xabar berdi “Reuters”.

Qayd etilishicha, bunga kompaniya Xitoyda o‘zining birinchi elektromobili SU7 sotuvini boshlaganidan so‘ng aksiyalar 16%ga qimmatlashgani sabab bo‘lgan.

Savdolar davomida “Xiaomi” kapitallashuvi $55,2 mlrdga yetdi. Bu “General Motors” va “Ford"nikidan yuqori, ularning qiymati mos ravishda $52,4 mlrd va $53,1 mlrdni tashkil etadi, deya qayd etadi “Reuters”.

Savdo yakuniga ko‘ra “Xiaomi” aksiyalarining o‘sishi 8,97%gacha sekinlashdi, kapitallashuvi qariyb $51,9 mlrdni tashkil etdi.

“Xiaomi” SU7 sotuvi Xitoyda 28-martdan boshlangan, biroq o‘shandan beri Gonkongdagi birja Pasxa bayramlari munosabati bilan yopilgan.

“SU7” elektromobilining Standard modeli narxi 215 900 yuandan ($29 900) boshlanadi. Bu “Tesla Model 3"dan taxminan $4000ga arzonroq, deya qayd etadi “CNBC”.

"Xiaomi" potensiall xaridorlarga elektromobilni to‘rt oydan yetti oygacha kutishga to‘g‘ri kelishini aytdi, bu esa unga bo‘lgan talab yuqori ekanligini ko‘rsatadi, deb yozadi Reuters.

Kompaniya sotuvning dastlabki 24 soatida “SU7” uchun 88 898 ta oldindan buyurtma olganini aytdi.


Avvalroq “Spot” “Xiaomi” Xitoyda o‘zining “SU7” elektromobiliga buyurtmalarni ochgani haqida yozgandi.

Sotuv ochilganidan keyin yarim soatdan kamroq vaqt ichida kompaniya 50 mingta oldindan buyurtmalarni qabul qildi.