Avvalroq 3-mart kuni davlat rahbari ishtirokida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohada xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish orqali ish o‘rinlarini yaratish mumkinligini ta’kidladi.

Yunusobod tumandagi 7-sonli shahar shifoxonasi uchun 200 o‘rinli yangi bino qurish cho‘zilib ketmoqda. Agar bino ishga tushsa 4,7 gektar maydon bo‘shashi mumkin.

Koreyalik investorlar mazkur maydonda $160 mlnlik 420 o‘rinli ko‘p tarmoqli klinika qurish tashabbusini bergan. Mutasaddilarga shahar shifoxonasi qurilishini tezlashtirishga ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, tumandagi 44ta maktabni o‘tgan yili 4 400 nafar o‘quvchi bitirgan. Ulardan 1 mingtasi IELTSdan yuqori ball olgan, 3,5 mingtasi yoki 78%i OTMga kirgan.

Buning sabablaridan biri sifatida maktablarning 2−3tadan sinf xonasi shartnoma asosida xususiy o‘quv markazlariga darsdan keyin foydalanish uchun berilganida ekanligi qayd etildi. Mazkur tajribani kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Yunusobodda o‘tkazilgan bir hafta o‘rganish davomida $600 mlnlik investitsiya jalb qilish, 35 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish uchun imkoniyatlar aniqlangan.

Buni amalga oshirish uchun iqtisodiy kompleks rahbariyatiga yangi yondashuv asosida aniq loyihalarni ishlab chiqish va joylashtirish vazifasi qo‘yildi.

Shahar hokimiga xorijdagi yirik shaharlarning sanoat, infratuzilma, tadbirkorlik, kommunal sohalaridagi ijobiy tajribasini Toshkentda joriy qilish topshirildi.

Davlat rahbari Toshkent shahridagi 585ta mahallada daraxt va gullar ekish, hududni obodonlashtirish, sharoiti og‘ir oilalar, yolg‘iz qariyalar, imkoniyati cheklangan odamlar holidan xabar olib, ko‘nglini ko‘tarish muhimligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev mahallalar o‘rtasida tanlov o‘tkazib, yil yakunida eng namunali mahallaga prezident sovg‘asi sifatida elektromobil sovg‘a qilish tashabbusini bildirdi.

Tumanning Amir Temur shoh ko‘chasidagi davlat idoralari binolari o‘rnida savdo va xizmat ko‘rsatish binolari qurilishi mumkin.