Fevralda O‘zbekiston eng ko‘p oltin savdosi bo‘yicha dunyoda birinchi bo‘ldi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (“World Gold Council”) xabar berdi.

Markaziy banklar tomonidan fevral oyida qimmatbaho metal xaridlarining sof hajmi 19 tonnani tashkil etib, natijada ketma-ket to‘qqiz oy o‘sish kuzatildi.

Kam sotib olish va yuqori sotish kombinatsiyasi tufayli regulyatorlarning global oltin-valyuta zaxiralarining o‘sishi yanvarga (45 tonna xarid qilingan) nisbatan 58%ga sekinlashdi.

Fevral oyida qimmatbaho metalning asosiy xaridori Xitoy bo‘ldi, mamlakat sotib olgan oltin hajmi 12 tonnani tashkil etadi.

Undan keyingi ikkinchi o‘rinda 6 tonna bilan Qozog‘iston turibdi. Shuningdek, birinchi beshlikka Hindiston (6 tonna), Turkiya (4 tonna) va Singapur (2 tonna) ham kirdi.

O‘zbekiston fevral oyida 12 tonna oltin sotgan, bu ko‘rsatkich Iordaniya savdosidan (4 tonna) 3 barobarga ko‘pdir.

2023-yil oxirida mamlakat qimmatbaho metall savdosi bo‘yicha Qozog‘istondan biroz ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Sof xaridlar bo‘yicha Xitoy yetakchilik qildi, undan keyin o‘rinlarni Polsha va Singapur egalladi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida O‘zbekiston xorijga $1,31 mlrdlik oltin sotgan, bu esa eksportning yarmini ta’minlagan.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $2,37 mlrdga kamayib, $32,2 mlrdni tashkil etdi.