Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari sezilarli pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Unga ko‘ra, 1-mart holatiga mamlakat zaxiralari dastlabki ikki oyda $2,37 mlrdga kamayib, $32,2 mlrdni tashkil etdi.

Xorijiy valyuta zaxiralari yanvar oyida $1,44 mlrdga, fevralda esa $381,5 mlnga pasaydi. Natijada, ikki oyda jami pasayish $1,82 mlrdga yetdi.

Valyuta zaxiralari $7,55 mlrdni tashkil etgan holda, o‘tgan yilning sentabridagi rekord darajadagi past ko‘rsatkichni yangiladi.

Mamlakat oltin zaxiralari yanvar oyida $293,7 mlnga oshib, $24,92 mlrdni tashkil etdi. Biroq, fevralda 829,1 mlnga ($24,09 mlrd) pasaydi.

Oltinning fizik hajmi yanvarda 0,3 mln troy unsiyaga oshganiga qaramay, fevral oyida dekabrdagi ko‘rsatkichiga (11,9 mln) qaytdi.

Markaziy bank xalqaro zaxiralar hajmidagi yil boshiga nisbatan o‘zgarishlar mavsumiy tusga ega ekanligini ta’kidlamoqda.

“Odatda yanvar-fevral oylarida kuzatiladigan tendensiya hisoblanadi. Mazkur dinamikaga 2019-yilda muomalaga chiqarilgan suveren Yevro obligatsiyalar bir qismining so‘ndirilishi ham ta’sir ko‘rsatgan”, deyiladi regulyator izohida.

2023-yilda O‘zbekiston dunyoning ikkinchi eng yirik oltin sotuvchisiga aylandi. Mamlakatning qimmatbaho metall bo‘yicha sof savdosi 25 tonnadan ortiqni tashkil etgan.