“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” O‘zbekistonda ikkita zavod qurish uchun $165 mln sarmoya kiritadi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Samarqand viloyatida 18,5 gektar maydonda salqin ichimliklar ishlab chiqaradigan zavod ochiladi. Yillik ishlab chiqarish 280 mln litr, yangi ish o‘rinlari soni esa 200 tani tashkil etadi.

Zavod qurilishi loyihasi qiymati $133 mlnga baholanmoqda, shundan $115 mlni Gollandiyaning “CCI International Holland B.V” kompaniyasining xorijiy sarmoyasi bo‘ladi.

Samarqand korxonasidan mahsulotlarni MDH davlatlariga eksport qiladi. Zavodni joriy yilning ikkinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yana bir loyiha — Namangan viloyatidagi gazlangan ichimliklar ishlab chiqarish zavodi 25-mart kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan.

Yiliga 198 mln litr ishlab chiqaradigan zavod 14,2 gektar maydonda quriladi. Loyiha $50 mlnga baholangan bo‘lib, unga “CCI International Holland B.V.” vakili bo‘lgan xorijiy investor sarmoya kiritadi.

Qurilish ishlari joriy yilning to‘rtinchi choragida yakunlanishi, ochilishi esa 2025-yilning birinchi choragida rejalashtirilgan.

Zavodning Namangan viloyatidagi joylashuvi uning qo‘shni davlatlarga yaqinligidan kelib chiqib tanlandi, bu esa tayyor mahsulotlarni eksport qilish uchun logistikani osonlashtiradi. Zavodning ishga tushirilishi natijasida 300 nafar yangi ishchi ish bilan ta’minlanadi.

“Coca-Cola” ishlab chiqarish quvvatlari birinchi navbatda ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, har ikkala korxonada energiya sarfini 10−15%ga kamaytirish, shuningdek, ishlab chiqarishda foydalaniladigan suvni qayta ishlatish uchun tozalash imkonini beruvchi texnologiyalar joriy etilmoqda. Oxirgi ikki yil ichida “Coca-Cola suv iste’molini 12%ga — 2 litrdan 1,76 litrgacha kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi.

“Coca-Cola İçecek” 2021-yil sentabrida “Coca-Cola Bottlers Uzbekistan"ni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvni yopdi. Aksiyalarning 57,1% davlat ulushi distribyutorga $252 mlnga tushdi.